четверг, 2 июня 2016 г.

O‘rtacha oylik ishchilar soni qanday aniqlanadi?

Jamoamiz Termiz shahrida aholiga avtotransport xizmati ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadi.Prezidentimizning 2015 yil 22 dekabrdagi PQ-2455-sonli qaroriga muvofiq, avtotransport sohasida yuridik shaxslar yagona soliq to‘lovi to‘lovchisi bo‘lishi uchun undagi xodimlar soni 25 tadan 50 taga oshirildi. Korxonamizda joriy yilning 1 yanvar holatiga 44 ta Damas rusumli mashina ijaraga olingan bo‘lib, ularda 44 nafar haydovchi va 4 nafar idora xodimi ishlagan. Jami xodimlar soni 48 ta. Lekin yanvar oyining 12 kunida 2 nafar, 15 kunida 1 nafar va 18 kunida 2 nafar haydovchi o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shadi.Ularning o‘rniga boshqa 5 nafar haydovchi ishga qabul qilindi. Tushuntirish bersangiz, ushbu holatda korxonamizda 2016 yilning 1 fevralidan xodimlar soni 53 nafar deb hisoblanadimi yoki 48 nafarmi?

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 350-moddasiga asosan, mikrofirmalar va kichik korxonalar (bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilganlar mustasno) yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar bo‘lib hisoblanadi.Mikrofirmalar va kichik korxonalar jumlasiga xodimlarining soni bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan mezonga mos keladigan yuridik shaxslar kiradi.Bunda: xodimlarning soni hisobot yili uchun xodimlarning o‘rtacha yillik sonidan kelib chiqqan holda aniqlanadi;xodimlarning o‘rtacha yillik sonini aniqlashda o‘rindoshlik, pudrat shartnomalari va boshqa fuqarolik huquqiy tusdagi shartnomalar bo‘yicha ishga qabul qilingan xodimlarning, shuningdek unitar (sho‘ba) korxonalarda, vakolatxonalar va filiallarda ishlayotganlarning soni ham hisobga olinadi;yuridik shaxslarni mikrofirmalar va kichik korxonalar toifasiga kiritishda yuridik shaxsning asosiy faoliyat (ixtisosligi) turiga to‘g‘ri keladigan xodimlar sonining mezoni qabul qilinadi.Shuningdek, mikrofirma va kichik korxonalar xodimlar sonining mezoni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 11 oktabrdagi 439-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Kichik tadbirkorlik (biznes) subyektlariga tegishli bo‘lgan korxonalar va tashkilotlar Klassifikatsiyasi»ga muvofiq belgilangan.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 22 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2016 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida»gi PQ-2455-sonli qaroriga muvofiq, «Kichik tadbirkorlik (biznes) subyektlariga tegishli bo‘lgan korxonalar va tashkilotlar klassifikatsiyasi»ning 427-satriga o‘zgartirish kiritilib, avtomobil xo‘jaligi (XXTUT-51121) tarmog‘ida faoliyat yurituvchi kichik korxonalarga xodimlar sonini 25 nafardan 50 nafargacha oshirish huquqi berildi.Xodimlarning o‘rtacha yillik soni hisobot yilining barcha oylaridagi xodimlarning o‘rtacha oylik sonini qo‘shish va olingan summani 12 ga bo‘lish yo‘li bilan hisoblanadi.Demak, dastlab oy davomida xodimlar soni o‘zgarganligi bois xodimlarning o‘rtacha oylik sonini aniqlash zarur. Korxona ro‘yxatidagi xodimlarning hisobot oyidagi o‘rtacha soni (o‘rtacha oylik soni)ni hisoblash, hisobot oyi davomida har bir kun uchun korxona ro‘yxatida bo‘lgan ishchilar sonini jamlash hamda jami summani hisobot oyining kalendar kunlariga bo‘lish yo‘li orqali amalga oshiriladi.Bunda, oyning 1 sanasidan 30 yoki 31 sanasi (fevral oyi uchun 28 yoki 29 sanasi)gacha bo‘lgan kunlar, bayram kunlari va dam olish kunlari ham inobatga olinadi. Ushbu holat quyidagicha aniqlanadi.
(48*24) + (46*3) + (45*3) + 43) / 31=47
Yuqoridagilardan kelib chiqib, korxonada yanvar oyida o‘rtacha oylik ishchilar soni 47 tani tashkil etadi.Joriy yil uchun yuqorida keltirilgan tartibda xodimlarning o‘rtacha oylik sonini qo‘shish va olingan summani 12 ga bo‘lish yo‘li bilan xodimlarning o‘rtacha yillik soni aniqlanadi.Shuni e’tiborga olish lozimki, 2016 yilning 1 yanvar holatiga, ya’ni 2015 yil yakunlari bo‘yicha korxonada xodimlarning o‘rtacha yillik soni 48 tani tashkil etgan bo‘lsa, ushbu korxona mikrofirma va kichik korxona toifasiga kirmaydi va o‘z navbatida umumbelgilangan tartibdagi soliqlar to‘lanishi lozim bo‘ladi.

Комментариев нет:

Отправить комментарий