вторник, 1 марта 2016 г.

2016 yilda Jismoniy shaxslar uchun belgilangan soliqlar bo‘yicha o‘zgarishlar to‘g‘risida. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 22 dekabrdagi PQ-2455-sonli Qaroriga tasdiqlandi. Bunda, soliq solinadigan daromadlar guruhlari bo‘yicha soliq solish shkalasi yil boshiga – 2016 yil 1 yanvarga belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan (130240 so‘m) kelib chiqib aniqlanadi va yil davomida eng kam ish haqi miqdori o‘zgargan taqdirda ham qayta ko‘rib chiqilmaydi. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summasini hisoblab chiqarish maqsadida, eng kam ish haqi miqdori yil boshidan ortib boruvchi yakun bilan hisobga olinadi (yil boshidan boshlab tegishli davrning har bir oyi uchun eng kam ish haqining jami summasi).Belgilangan stavkalardan kelib chiqib hisoblangan, byudjetga to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summasi fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga o‘tkaziladigan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinadigan daromadlaridan «0» stavka bo‘yicha soliq solinadigan daromadni (eng kam ish haqini) chegirgan holda 1 foiz miqdorida hisoblab chiqariladigan har oylik majburiy badallar summasiga kamaytiriladi.Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha 2015 yilda amalda bo‘lgan soliq solish shkalasining ikkinchi pog‘onasidagi daromadlar uchun belgilangan 8,5 foizli stavka 7,5 foizga pasayishi natijasida, respublika bo‘yicha235,4 mlrd.so‘m mablag‘lar soliq to‘lovchi jismoniy shaxslar ixtiyorida qolishi kutilmoqda.Quyida, korxona tomonidan xodimga yanvar-oktabr oylari uchun hisoblangan jami 19 550 000 so‘m ish haqidan ushlab qolinadigan daromad solig‘i summasiga 2015 va 2016 yilda amalda bo‘lgan soliq stavkalarining ta’sirini ko‘rib chiqamiz:
Jumladan, 2015 yilda amalda bo‘lgan soliq stavkalaridan kelib chiqib, yanvar-oktabr oylari uchun byudjetga to‘lanadigan daromad solig‘i summasi quyidagicha (jami daromad summasi 19 550 000 so‘m):
1-shkala: EKIHning bir baravarigacha bo‘lgan daromad miqdoridan 0 % stavkada daromad solig‘i hisoblanadi: 130 240 x 10 x 0 % = 0 so‘m;
2-shkala: EKIHning bir baravaridan besh baravarigacha bo‘lgan daromad miqdoridan 8,5 % stavkada daromad solig‘i hisoblanadi:((130 240 x 5 x 10) - 1 302 400) x 8,5 % = 442 816 so‘m;
3-shkala: EKIHning besh baravaridan o‘n baravarigacha bo‘lgan daromad miqdoridan 17 % stavkada daromad solig‘i hisoblanadi:((130 240 x 10 x 10) - (130 240 x 5 x 10)) x 17 % = 1 107 040 so‘m;
4-shkala: EKIHning o‘n baravaridan yuqori bo‘lgan daromadlarga 23 % stavkada daromad solig‘i hisoblanadi:(19 550 000 - (130 240 x 10 x 10)) x 23 % = 1 500 980 co‘m;
Yanvar-oktabr oylari uchun Xalq banki filialiga o‘tkaziladigan ShJBPB summasi:(19 500 000 – 1 302 400) / 100 = 181 976 so‘m
  Byudjetga to‘lanadigan daromad solig‘i summasi:(442 816 + 1 107 040 + 1 500 980) – 181 976 = 2 868 860 so‘m.
Shuningdek, 2016 yilda amalga kiritilgan soliq stavkalarida yanvar-oktabr oylari uchun hisoblanadigan daromad solig‘i summasi quyidagicha bo‘ladi (19 550 000 so‘m daromaddan):
1-shkala: EKIHning bir baravarigacha bo‘lgan daromad miqdoridan 0 % stavkada daromad solig‘i hisoblanadi:130240x10x0=0
2-shkala: EKIHning bir baravaridan besh baravarigacha bo‘lgan daromad miqdoridan 7,5 % stavkada daromad solig‘i hisoblanadi:((130240x5x10)-1 302 400)x7.5%=390 720 so‘m
3-shkala: EKIHning besh baravaridan o‘n baravarigacha bo‘lgan daromad miqdoridan 17 % stavkada daromad solig‘i hisoblanadi:( (130240x10x10)- (130240x5x10))x17%=1107 040 so‘m
4-shkala: EKIH ning o‘n baravaridan yuqori bo‘lgan daromadlarga 23 % stavkada daromad solig‘i hisoblanadi:(19550000-(130240x10x10))x23%=1 500 980
Yanvar-oktabr oylari uchun Xalq banki filialiga o‘tkaziladigan ShJBPB summasi:(19500000-1302400)/100=181 976 so‘m.
  Byudjetga to‘lanadigan daromad solig‘i summasi:(390720+1107040+1500980)-181976=2 816 764 so‘m. Ushbu xodim 2016 yilda 2015 yilga nisbatan 52 096 so‘m kam soliq to‘lashini ko‘rishimiz mumkin.Shu o‘rinda qayd etish joizki, qonun hujjatlariga muvofiq eng kam stavka bo‘yicha soliq solinadigan jismoniy shaxslarning alohida daromad turlarini soliqqa tortish maqsadida eng kam stavka 7,5 foiz miqdorida qo‘llaniladi, 2015 yilda ushbu soliq stavkasi 8,5 foizni tashkil etgan.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 22 dekabrdagi PQ-2455-sonli qaroriga asosan jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi mol-mulkning inventarizatsiya qiymatiga nisbatan 1,5 foiz (2015 yilda 1,3 foizbo‘lgan) miqdorida belgilandi.2016 yilda jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo‘yicha alohida stavkalar shaharlarda joylashgan umumiy maydoni 200 kv.metrdan 500 kv.metrgacha bo‘lgan turar joy va kvartiralarga 1,6 foizdan 1,8 foizgacha, maydoni 500 kv.metrdan ortiq bo‘lgan turar joy va kvartiralar uchun esa 2,2 dan 2,5 foizgaoshirildi.Bundan tashqari, 2016 yil 1 yanvardan boshlab boshqa aholi punktlarida joylashgan umumiy maydoni 200 kv.metrdan ortiq bo‘lgan turar joy va kvartiralar uchun jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari –1,8 foiz miqdorida belgilandi.Shuningdek, 2016 yilning 1 yanvaridan jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni kadastr hujjatlaridagi inventarizatsiya qiymatidan kelib chiqib, lekin 3 mln.so‘mdan kam bo‘lmagan miqdordan hisoblash tartibi joriy qilindi.Jismoniy shaxslar mol-mulkini baholash organlari tomonidan belgilangan inventarizatsiya qiymati bo‘lmaganda, soliqni undirish uchun Toshkent shahri va viloyat markazlarida 20 328,0 ming so‘mmiqdorida, boshqa shaharlar va qishloq joylarda esa 8 833,0 ming so‘m miqdorida mol-mulkning shartli qiymati qabul qilindi.Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatga oluvchi organlarda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yangi qurilgan turar joylar bo‘yicha jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq mol-mulkning shartli qiymatidan kelib chiqib ikki baravar miqdorida undiriladi.Agar jismoniy shaxslar soliq solinadigan obyektlardan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalansalar yoxud ular yuridik shaxslarga yoki yakka tartibdagi tadbirkorlarga ijaraga berilgan taqdirda, shuningdek jismoniy shaxslar tomonidan turar joy fondi obyektlari noturar joy fondi toifasiga o‘tkazilganda yoki ular tomonidan noturar joy fondi obyektlari (binolar, binodagi xonalar) mulk sifatida xarid qilinganda jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq yuridik shaxslar uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘lanadi.2016 yilda resurslardan oqilona va samarali foydalanish maqsadida jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkasi 1,15 baravarga indeksatsiya qilindi.Jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘ini hisoblashda qarorning 20-ilovasi 5 va 6 jadvallarida keltirilgan yer uchastkalariga bazaviy stavkalar belgilangan normativlar doirasida qo‘llaniladi. Shuningdek, belgilangan normativlardan yuqori yer uchastkalari uchun bazaviy stavkalarga 1,5 ko‘paytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.Bunda, jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘ini hisoblash maqsadida yer uchastkalarining qo‘yidagi normativlari qo‘llaniladi:
Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyatlar bo‘ysunuvidagi shaharlar bo‘yicha – 0,06 gektar;
boshqa aholi punktlari bo‘yicha (dehqon xo‘jaliklaridan tashqari) – 0,1 gektar.Qayd etish joizki, Soliq kodeksining 276 va 291-moddalariga muvofiq soliq solish obyektlari va yer uchastkalari jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanilgan yoxud ular yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga ijaraga berilgan taqdirda, shuningdek jismoniy shaxslarning mulkida bo‘lgan yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar bo‘yicha jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq hamda yer solig‘i yuridik shaxslar uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘lanadi.Jismoniy shaxs yoki oilaviy korxona turar joydan yoki yer uchastkasidan unda istiqomat qilish bilan bir vaqtda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) uchun foydalangan taqdirda, mol-mulk va yer soliqlari jismoniy shaxslar uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘lanadi.Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlarini to‘lovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish, soliq hisoblash va o‘z vaqtida to‘lanishini nazorat qilish ishlari tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalari zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, soliq summasi va uni to‘lash muddatlari ko‘rsatilgan to‘lov xabarnomasi davlat soliq xizmati organlari tomonidan jismoniy shaxslarga imzo qo‘ydirilgan holda yoki to‘lov xabarnomasi olinganligini va olingan sanani tasdiqlovchi boshqa usulda har yili 1 maydan kechiktirmay topshiriladi.Jismoniy shaxslarga hisoblangan mol-mulk va yer soliqlari jismoniy shaxslar tomonidan soliq davri uchun hisobot yilining 15 oktyabriga qadar to‘lanadi. Shuningdek, Soliq kodeksining 36-moddasiga asosan soliq to‘lovchilar soliq to‘lash majburiyatlarini muddatidan ilgari bajarishga ham haqlidir.Eslatib o‘tamiz: Soliq kodeksining 120-moddasiga asosan belgilangan muddatdan kechiktirib to‘langan soliq summasiga har bir kechiktirilgan kun uchun 0,033 foiz miqdorida penya hisoblanadi.Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasiga asosan qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yer solig‘ini muntazam to‘lamay kelgan fuqarolarning butun yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi bekor qilinadi.O‘zbekiston Respublikasining 2015 yil 31 dekabrdagi «Soliq va byudjet siyosatining 2016 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-398-sonli Qonuni bilan Soliq kodeksining 39 tamoddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan:
1. Soliq kodeksining 52-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq, vafot etgan jismoniy shaxsning fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari bo‘yicha soliq qarzi ham jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va qat’iy belgilangan soliqda nazarda tutilgani kabi umidsiz qarz deb e’tirof etilishi belgilandi.
2. Jismoniy shaxslarga beriladigan maqsadli xususiyatga ega bo‘lgan moddiy yordam shaklidagi to‘lovlarning ro‘yxatini aniqlashtirish maqsadida Soliq kodeksining 178-moddasiga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, jismoniy shaxslarning boshqa daromadlari tarkibiga bola tug‘ilishi, xodim yoki uning farzandlari nikohdan o‘tishi munosabati bilan beriladigan moddiy yordam kirishi belgilandi.
3. Soliq kodeksining 143, 147 va 173-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlar moddiy yordam summalariga soliq solishda yuzaga kelayotgan turli xil talqin etishlarni oldini olishga qaratilgan bo‘lib, rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar tarkibida ta’tilga qo‘shimcha haqlar va Soliq kodeksi 178-moddasining 16-bandida ko‘rsatilmagan moddiy yordam hisobga olinishini nazarda tutadi. Mazkur to‘lovlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, yagona ijtimoiy to‘lov va sug‘urta badallariga tortiladi.
4. Soliq kodeksining 179-moddasi 30-bandi uchinchi xat boshiga qo‘shimcha kiritilib, unga ko‘ra jismoniy shaxslarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlari summalarini qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun olingan ipoteka kreditlarini hamda ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yo‘naltirilganda, soliq solishdan ozod etish bo‘yicha imtiyozni quruvchi shaxslarning mazkur kreditlar bo‘yicha birgalikdagi qarz oluvchi hisoblanuvchi ularning oila a’zolari (er, xotin,ota-ona, farzandlar)ga nisbatan tatbiq etilishi belgilandi.Mazkur o‘zgartirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 7 yanvardagi 2015 yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi dasturi va 2016 yilgi qurilishning asosiy parametrlari to‘g‘risida»gi PQ-2282-sonli qaroriga muvofiq kiritildi.
5. Soliq kodeksining 186-moddasiga kiritilgan o‘zgartirish aniqlashtiruvchi xususiyatga ega bo‘lib, ma’lumotnoma va soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami taqdim etilgan taqdirda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summasi ilgarigi asosiy ish (xizmat, o‘qish) joyida olingan daromadlar inobatga olingan holda qayta hisob-kitob qilinishini belgilaydi.
6. Soliq kodeksining 184-moddasiga muvofiq jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan soliqni to‘lov manbaida hisoblab chiqarish, ushlab qolish va to‘lash majburiyati yuridik shaxslar, faoliyatni O‘zbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari zimmasiga yuklatilganligidan kelib chiqib, respublikamizda faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotnomaning muddatlariga aniqlik kiritish maqsadida soliq kodeksining 187-moddasiga qo‘shimcha kiritildi. Bunda yil yakunlari bo‘yicha hisoblangan va amalda to‘langan daromadlar summalari hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlab qolingan summalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan hisobot yilidan keyingi yilning 25 martiga qadar taqdim etiladi.
7. Mazkur Qonunga muvofiq Soliq kodeksining 59, 61 va 62-moddalariga o‘zgartirishlar kiritilib, unga ko‘ra jismoniy shaxslarga mol-mulk va yer solig‘ini to‘lash uchun xabarnomasi ularga berilganligini tasdiqlangan holda topshirilishi va bir vaqtning o‘zida soliqni to‘lab berish to‘g‘risidagi talabnoma vazifasini ham bajarishi belgilab qo‘yildi.Shundan kelib chiqib, davlat soliq xizmati organlari tomonidan fuqarolarga mol-mulk va yer solig‘ini to‘lash muddati tugaganidan keyin yuboriladigan soliq qarzini undirish yuzasidan talabnoma bekor qilindi.
8. Soliq kodeksining 277 va 293-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini to‘lash to‘g‘risidagi to‘lov xabarnomasi soliq to‘lovchilarga davlat soliq xizmati organi tomonidan to‘lov xabarnomasi olinganligi to‘g‘risida imzo qo‘ydirilgan holda yoki olinganligini va olingan sanani tasdiqlovchi boshqa usulda topshirilishi, talabnomani qayta taqdim etilishini oldini olish uchun, to‘lov xabarnomasiga talabnoma sifatida qaralishi belgilandi.Bundan tashqari, jismoniy shaxslarning mulkida bo‘lgan, yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar egallagan va ular egallagan yer uchastkalarini soliqqa tortishni muvofiqlashtirish maqsadida, Soliq kodeksning 291-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, ushbu toifadagi yerlar uchun jismoniy jismoniy shaxslardan yer solig‘i yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lash uchun belgilangan stavkalar bo‘yicha undirilishi hamda mazkur Kodeksning 290-moddasida ko‘rsatilgan imtiyozlar ularga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilab qo‘yildi.O‘zbekiston Respublikasining 2015 yil 29 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-396-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 24 apreldagi «Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4720-sonli Farmonidan kelib chiqib, qonunchilikni muvofiqlashtirish maqsadida Soliq kodeksining 179-moddasi 34-band bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra aksiyadorlik jamiyatlari chet ellik xodimlarining boshqaruv xodimi sifatida o‘z faoliyatidan olgan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha soliq solinmaydigan daromadlar tarkibiga kiritildi.

Комментариев нет:

Отправить комментарий